Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Namangan viloyatida saylov komissiyalari raislari, o‘rinbosarlari va kotiblarining malakasini oshirish jarayonlari bilan tanishdi

24.08.2024

632

msk_yangiliklari_in

Bugun Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Bahodir Yunusov Namangan viloyatida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi shahar va tuman saylov komissiyalari raislari, o‘rinbosarlari va kotiblarining malakasini oshirish bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

 

Bahodir Yunusov Namangan davlat universitetida 23-24-avgust kunlari o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. U tinglovchilar bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida saylovni yuqori saviyada tashkil etish, bu galgi saylov tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar va ushbu muhim siyosiy jarayonni umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, ilg‘or milliy va xorijiy tajriba asosida o‘tkazishda mazkur o‘quvlarning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. 

 

Shuningdek, uchastka komissiyalari faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, buning uchun o‘quv materiallarini puxta o‘zlashtirish, saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar mohiyatini anglab yetish va mavjud talablarni to‘laqonli bajarish lozimligi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. 

 

Ma’lumki, ikki kunlik o‘quv mashg‘ulotlari davomida 42 nafar shahar va tuman saylov komissiyalari raislari, o‘rinbosarlari va kotiblari ishtirokidagi o‘quv mashg‘ulotlari ikki guruhda 6 nafar respublika trenerlari tomonidan olib borilmoqda.

 

 

O‘z navbatida, MSK a’zosi Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi binosida ham bo‘ldi. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, viloyat hududiy saylov komissiyasi a’zolari bilan suhbatlashdi.

 

Tashrif davomida B. Yunusov Chortoq tumanidagi saylovga tayyorgarlik ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. Saylov uchastkalari binolari, uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bu borada o‘zining qimmatli fikr va takliflarini bayon etdi.

 

 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur