Bugun – 17-sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev Namangan viloyatiga tashrif buyurdi va saylovga tayyorgarlik ishlari bilan tanishishni boshladi.
Dastlab MSK raisi Namangan shahridagi “TURAN” xalqaro universitetida uchastka saylov komissiyalari raisi, o‘rinbosari va kotiblari malakasini oshirish uchun tashkil etilgan o‘quv seminarlari va ularda saylovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha o‘qitishga doir jarayonlarning borishi bilan tanishdi.
Hududiy trenerlar va tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlar davomida Zayniddin Nizamxodjayev mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon - saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni yuqori saviyada tashkil etish, shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchiligimizga kiritilgan saylovlarga doir o‘zgarishlar mohiyatini keng targ‘ib qilish lozimligini alohida ta’kidladi.
Ta’kidlash o‘rinli, yuqoridagi o‘quv seminarlar amaliy jarayonlarni ham o‘zida qamrab oladi. MSK raisi amaliy mashg‘ulotlar xonasini ham ko‘zdan kechirib, o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi
matbuot markazi
👍