Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasiga xalqaro kuzatuvchilar tashrif buyurdi

03.10.2024

320

msk_yangiliklari_in

Saylov jarayonlarining oshkora va haqqoniy tarzda o‘tishini ta’minlashda kuzatuvchilarning ishtiroki juda muhim. Ular saylov kampaniyasi boshlanganidan to yakuniy natijalar e’lon qilingunga qadar ishtirok etadilar. Ularning ishtiroki jarayonlarda oshkoralik muhiti yaratilishiga xizmat qiladi, shuningdek, fuqarolarning saylovlarga ishonchini orttirib, faol ishtirok etishini ta’minlaydi.

 

Bugun Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasiga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchilari tashrif buyurdi.

 

YEXHT missiyasining kuzatuvchilari - Germaniya davlatidan Kati Xyotger hamda Buyuk Britaniyadan Martin Bruks viloyat hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

 

 

Hududiy saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unov YEXHT missiyasi vakillari bilan olib borgan muloqotlari chog‘ida joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari, milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri “E-Saylov” axborot tizimi va mazkur tizimning afzalliklari yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

 

Xususan, saylovi kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirib borayotgani, bu mas’uliyatli jarayon Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotganligi ta’kidlandi.

 

 

O‘z navbatida, HSK raisi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda oshkoralikni ta’minlash maqsadida tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar eng avvalo, saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasi hamda hududiy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilayotganini ma’lum qildi.

 

Olib borilgan muloqotlar konstruktiv va samimiy tarzda o‘tdi, hududiy saylov komissiyasi raisi bundan keyin ham bu kabi muloqotlarga doim tayyor va ochiq ekanligini bildirib o‘tdi.

 

 

Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi

matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur