Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni hududiy saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unov olib bordi.
Yig‘ilishda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Aytib o‘tish o‘rinliki, Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi 55 ta saylov okrugiga beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 275 nafar nomzod to‘g‘risidagi arizalar “Ye-saylov” tizimi orqali komissiyaga yuborilgan va hududiy saylov komissiyasi nomzodlar hamda ular haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi.
Ma’lumotlar Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq ekanligi aniqlandi.
Ma’lumki, Saylov kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalar nomzod ko‘rsatish huquqiga ega. Hududiy saylov komissiyasi nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatga oladi va ular haqidagi ma’lumotlar rasmiy e’lon qilinishini ta’minlaydi.
Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.
Yig‘ilishda muhokamalardan so‘ng partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan 275 nafar nomzodni Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Saylov kodeksining 40-moddasiga belgilanganidek, hududiy saylov komissiyasi besh kunlik muddatda nomzodlar ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, partiyaga mansubligi, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.
Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi
Matbuot markazi