Vazifamiz

Hududiy saylov komissiyasi:

 

tegishli hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etadi;

 

tegishli hududda ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi hamda saylovni tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;

 

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi, chegaralarini, saylovchilar soni, saylov okruglarining ro‘yxati hamda okrug saylov komissiyalari joylashgan yer to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

 

tuman, shahar va okrug saylov komissiyalarini tuzadi hamda ularning tarkibi va joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

 

tegishli tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga rahbarlik qiladi;

 

yangi tashkil etilgan tumanning, shaharning xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzadi;

 

saylov uchastkalarini tuzadi, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi;

 

saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qiladi;

 

uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;

 

tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini yo‘naltirib boradi, agar ularning qarorlari ushbu Kodeksga zid bo‘lsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki viloyat, tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;

 

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatga oladi va ular haqidagi ma’lumotlar rasmiy e’lon qilinishini tashkil etadi; ro‘yxatga olingan nomzodlarga guvohnomalar beradi;

 

nomzodlar va siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasida ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;

 

Qonunchilik palatasi deputatligiga hamda xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi;

 

deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinganlarning tarjimayi holi va dasturlarining asosiy yo‘nalishlarini chop etish hamda uchastkalarga yetkazib berishni ta’minlaydi;

 

saylovlarni viloyat, Toshkent shahri miqyosida yorituvchi mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazadi va tegishli guvohnoma beradi;

 

siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarni ro‘yxatga oladi;

 

pul mablag‘larini tegishli saylov komissiyalari o‘rtasida taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi;

 

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, o‘z muhrining, saylovga oid boshqa hujjatlarning tayyorlanishini ta’minlaydi;

 

siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

 

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga o‘tkazilgan saylov yakunlarini chiqaradi, saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi, saylov yakunlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va saylangan deputatlarning ro‘yxatlarini matbuotda e’lon qiladi;

 

deputatlarga viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputati guvohnomasini va ko‘krak nishonini beradi;

 

viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatlari takroriy saylovi, shuningdek bo‘shab qolgan o‘rinlarga deputatlar saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi;

 

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno;

 

ushbu Kodeks talablari buzilganligi to‘g‘risidagi materiallarni sudga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

 

saylovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarning arxivlarga va idoraviy arxivlarga topshirilishini ta’minlaydi;

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida tegishli hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlaydi va ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi;

 

xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga saylov yakunlari to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga axborot beradi;

 

mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari to‘g‘risida Markaziy saylov komissiyasiga hisobot beradi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq hududiy saylov komissiyalarining vakolatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.

 

Saylov kodeksi 20-modda