Bugun - 26-avgust kunidan boshlab, Namangan davlat universiteti binosida Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 55 ta okrug saylov komissiyalarining rais, rais o‘rinbosarlari va kotiblari ishtirokidagi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
O‘quv mashg‘ulotlarining ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev qatnashdi va so‘zga chiqdi. U joriy yilgi saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlari, okrug saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosarlari va kotiblarining vazifalari va mas’uliyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
165 nafar tinglovchi ishtirok etayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida belgilangan mavzular doirasidagi ma’ruzalar barobarida amaliy mashg‘ulotlar ham tashkillanadi. Bu tinglovchilarning o‘tilgan mavzularni mukammal o‘zlashtirishlariga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, okrug saylov komissiyalarining rais, rais o‘rinbosarlari va kotiblari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida yuqori malakali ekspertlar tomonidan o‘quv rejalariga muvofiq ma’ruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-darslar ko‘rinishidagi o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlangan. O‘quv-amaliy mashg‘ulotlarning barcha bosqichlari ushbu o‘quv-uslubiy materiallardan foydalangan holda interaktiv usullarda olib boriladi.
Ikki kun davom etadigan o‘quvlar yakunida tinglovchilarning treningdan olgan bilim va ko‘nikmalari test orqali sinovdan o‘tkaziladi.
Tadbirda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unov ham ishtirok etdi.