23.09.2024

26835

msk_yangiliklari_in

“Saylovlar demokratiya ko‘zgusi” deymiz! Saylovlar orqali har bir fuqaro jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etadi hamda mamlakat taqdiriga nisbatan befarq emasligini namoyon etadi. Saylovlar xalqning davlat hokimiyati bilan qayta aloqasini ko‘rsatib turadi.

 

Shu bois, fuqarolarning mamlakat boshqaruvida yanada keng ishtirokini ta’minlash maqsadida saylov qonunchiligini izchil takomillashtirib borishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqimizning irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator normalar o‘z aksini topdi.

 

Ayniqsa, saylovlarni professional, ochiq va demokratik tarzda tashkil etish va o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy maqomi yanada mustahkamlandi. Xususan, saylov organlarining vertikal tizimini tashkil etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga nafaqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yoki parlamentga saylovni, balki xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarni ham tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatildi.

 

Shu maqsadda, saylov organlarining tizimida hududiy va tuman (shahar) saylov komissiyalari tashkil etildi.

 

Qolaversa, davlat boshqaruvida meritokratiya tamoyillarini tatbiq etish maqsadida ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilandi. 

 

Qayd etish kerakki, bunday yangi konstitutsiyaviy normalar sohani tartibga soluvchi maxsus qonunlarda ham o‘z aksini topdi. Chunki, Konstitutsiyamizning 16-moddasiga muvofiq birorta qonun Konstitutsiya normalariga zid bo‘lishi mumkin emas.

 

Bundan tashqari, mamlakat hayotida siyosiy partiyalarning rolini hamda fuqarolarimizning siyosiy faolligini oshirish, shu jumladan ularning davlat hokimiyatini shakllantirish jarayonida muayyan g‘oya va maqsadlarni ko‘zlab ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida aralash saylov tizimiga o‘tildi. Bunda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik o‘rnining 50 foizi majoritar, ya’ni avvalgidek muayyan okruglar bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi esa proporsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berish orqali, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi nazarda tutildi.

 

Saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga bo‘lindi. Bunda partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi. Ya’ni Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati avvalgidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxat bo‘yicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilandi.

 

E’tiborli jihati, partiya ro‘yxatiga ham gender tengligini ta’minlash maqsadida xuddi majoritar tizim bo‘yicha nomzodlarning kamida 40 foizi ayollar bo‘lishi belgilandi.

 

Bunday saylov tizimida partiyalar muhim o‘rin tutadi. Ular aholi bilan munosabatlarini ta’sirchan va natijador bo‘lishiga harakat qiladi. Partiya o‘z dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga erishadi. Bu esa jamiyatimizda siyosiy plyuralizm bo‘lishini ta’minlaydi.

 

 

Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasi

rais o‘rinbosari U.Urmanova

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur