DAVLATOBOD TUMANIDA HAM SAYLOVGA TAYYORGARLIK QIZG‘IN

27.09.2024

96

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda shu yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Parlament va mahalliy Kengash deputatlari saylovining xalqaro standartlar va saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchilik talablari asosida ochiq-oshkora o‘tishi hamda saylovchilarning faol ishtirokini ta’minlash borasida Namangan viloyati Davlatobod tumanida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Mazkur tumanda 40 ta saylov uchastkalari tuzilgan bo‘lib, ularda 432 nafar uchastka saylov komissiyalari a’zolari faoliyat yurityapti. Komissiya a’zolari avvalgi saylovlarda tajriba to‘plagan, obro‘li vakillardan iborat tarkibda shakllantirilgan. Tumandagi jami saylovchilar soni 93403 nafarni tashkil etmoqda, ovoz berish huquqiga ega xotin-qizlar soni 46872 nafar. 

 

 

Tumandagi 139-saylov uchastkasi Namangan muhandislik-texnologiya instituti binosida joylashgan. Saylov uchastkasida 9 nafar komissiya a’zolarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun ajratilgan xonalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, mebellar, zarur adabiyotlar bilan ta’minlangan. Mavjud kompyuterlarning internet tarmog‘iga ulangani tezkor axborot almashish imkonini bermoqda.

 

 

Saylov uchastkasida saylov jarayoniga tayyorgarlik ishlari talab darajasida amalga oshirilyapti. Hozirgacha 1792 nafar saylovchining elektron ro‘yxati shakllantirilgan. Ovoz berish xonalari tayyor holatga keltirilgan. Saylov komissiyasi joylashgan bino foyesida tashkil etilgan ko‘rgazmali vositalar orqali esa saylovchilar, ayniqsa, birinchi marta ovoz berish huquqidan foydalanadigan yoshlarning saylovga doir huquqiy asoslar, tartib-qoidalar, saylov komissiyasi faoliyatiga oid tegishli ma’lumotlardan xabardor bo‘lishiga xizmat qilyapti.

 

 

 

Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur