Bugun Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasiga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchisi Kati Xyotger tashrif buyurdi va hududiy saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unov bilan uchrashdi.
Viloyatda saylov jarayonlarining borishi bilan bog‘liq jarayonlarga qiziqqan xalqaro kuzatuvchi bilan muloqotda bo‘lgan HSK raisi bu haqda batafsil ma’lumot berdi.
Jumladan, chegara hududlarda tashkil etilgan saylov uchastkalari, ulardagi saylovga tayyorgarlik, shuningdek, viloyatdagi barcha saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilayotgan qulayliklar, keksa va bemor saylovchilarning ovoz berish huquqidan to‘liq foydalanishlari uchun ko‘chma ovoz berishni tashkillash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
Xalqaro kuzatuvchi Kati Xyotger o‘zini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.
Uchrashuv so‘nggida hududiy saylov komissiyasi raisi barcha kuzatuvchilar uchun saylov jarayoniga doir ma’lumotlar ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida taqdim etilishini ta’kidlab o‘tdi.
Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi
Matbuot markazi