VILOYAT HUDUDIY SAYLOV KOMISSIYASIDA MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI

10.10.2024

100

msk_yangiliklari_in

Bugun viloyat hududiy saylov komissiyasida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari, davriy nashrlar muharrirlari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.

 

Namangan viloyatida saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan navbatdagi matbuot anjumanida dastlab viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unovning joriy yil 27-oktyabrda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar sayloviga viloyatda ko‘rilayotgan tayyorgarlik mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.

 

     

 

     

 

Ta’kidlash o‘rinliki, ayni paytda respublikamizda saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari jiddiy tus olgan. Namangan viloyatida ham Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan kalendar-rejaga asosan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

 

Bu jarayonda saylov komissiyasi faoliyatining to‘liq raqamlashtirilishi – «E-Saylov» axborot tizimining joriy etilgani katta ahamiyat kasb etadi. Chunki bu tizim saylov jarayonlarini samarali va shaffof o‘tishini ta’minlash bilan birga saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va OAV o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yanada aniq bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

 

HSK raisi ishtirokchilarga viloyat hududi bo‘yicha tuzilgan Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 55 ta saylov okruglari va 837 ta saylov uchastkalari, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolarining shaxsiy va sifat tarkibi haqida ham batafsil ma’lumot berdi.

 

   

 

   

 

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Keksa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish huquqidan foydalanishlari uchun saylov uchastkalarida yaratilayotgan sharoitlar, partiyalar va nomzodlar ishtirok etgan tadbirlarning OAVda yoritilishi, jurnalistlarning saylov jarayonlarini yoritish uchun akkreditatsiyadan o‘tishlari bilan bog‘liq savollarga aniq va batafsil javob qaytarildi.

 

Matbuot anjumanida xalqaro kuzatuvchilar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchilari Kati Xyotger hamda Martin Bruks ham qatnashdi.

 

Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi

Matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur